TOShKENT, 6 avg - Sputnik. Amerikalik aktor Stiven Sigal Rossiya-Amerika gumanitar aloqalari masalasida Rossiya TIV maxsus vakili etib tayinlanishiga jiddiy qarayotganini ma’lum qildi, deb xabar qildi RIA Novosti.
"Rossiya TIVning Rossiya-Amerika gumanitar masalalari bo‘yicha maxsus vakil sifatida lavozimga tayinlanish men uchun katta sharaf. O‘ylaymanki, tinchlik, hotirjamlik va ijobiy natijalarga erisha olamiz. Men ushbu hurmatga jiddiy munosabatdaman", - deb yozgan Sigal o‘zining Twitterdagi sahifasida.
Sigalga yuklatilgan vazifa - Rossiya va Amerika o‘rtasidagi gumanitar aloqalar, shu jumladan, madaniyat, san’at, ijtimoiy sohalarni yanada rivojlantirishdan iborat.
Sigalning yuqori lavozimni egallashi bu moliyaviy rag‘batni nazarda tutmaydigan ijtimoiy-siyosiy lavozim ekanligi aytilmoqda.
Xalqaro amaliyotda ushbu lavozimni BMT elchisi funksiyalari bilan tenglashtirish mumkin.
Sigalning yangi lavozimga tayinlanganidan xabar topgan AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Maykl Makfol aktor bu borada qandaydir o‘zgarishlarni amalga oshirishiga shubha qilishini bildirgan.
"Mister Sigalning Rossiya-Amerika munosabatlarida qandaydir ijobiy o‘zgarishlarni qila olishiga shubham bor. U, ehtimol, Rossiyada mashhurdir, ammo amerika jamiyatida u hech qanday ta’sirga ega emas. U diplomatik tajribaga ega emas. Shu bois bu ish befoyda. Va men bu harakatni AQShdagi Rossiya elchisi Anatoliy Antonovga nisbatan uni kamsitish, deb bilaman. Agar men Antonovning o‘rnida bo‘lganimda, bunday trukni o‘zimga haqorat deb qabul qilgan bo‘lardim", - deb aytgan Makfol "Kommersant’ FM" radiostansiyasi efirida.
Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova sobiq amerikalik elchining ushbu so‘zlarini javobsiz qoldirmadi.
"Ikkiyoqlama munosabatlarni yomonlashtirishda Makfolning hissasi ulkan", - dedi u.