TOShKENT, 8 sen — Sputnik. 9-sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan "Asian fight 2017" musobaqasining faxriy mehmoni Stiven Sigal poytaxtga tashrif buyurdi. Bu haqda championat.asia xabar bermoqda.
Toshkentdagi "Bunyodkor" stadionida bo‘lib o‘tadigan Asian Fight-2017 xalqaro turnirida o‘zbekistonlik 8 nafar sportchi Singapur, Afg‘oniston, Rossiya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Kipr mamlakatlarining jangchilari bilan kuch sinashishadi.
Ushbu turnirda sportning yakkakurash turlari bo‘yicha Osiyo va jahon chempionatlarida sovrinli o‘rinlarni egallagan Mahmud Murodov, Anvar Boynazarov, Jasur Mirzamuhammedov, Ulug‘bek Umarov, Hasanxon Baratov, Muhammadali Toshturg‘unov, Isroil Rasulov, Ayubxon Kamolov va Ahliddin Mirzadavlatov O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.
Gollivudning taniqli kinoaktorlaridan biri, aykido bo‘yicha 7-dan qora belbog‘ sohibi Stiven Sigal musobaqani faxriy mehmon sifatida kuzatib boradi.
8 sentabr kuni Stiven Sigal "O‘zbegim" milliy festivalida rekord palovi tayyorlash jarayonida ishtirok etishi, sportchilar uchun master-klasslar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, ilgariroq turnirga Gollivud yulduzi Jan Klod Van Damm va aralash janglar ustasi Jeff Monsonlar taklif etilgan, biroq Van Dammning betob bo‘lib qolishi sababli, uning tashrifi bekor qilingandi. Tashkilotchilar shuningdek, Jeff Monsonning tashrifini ham bekor qilishgan va ularning o‘rniga Stiven Sigalni taklif etishgan.