TOShKENT, 3 avg — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova Xalqaro Press klubda bo‘lib o‘tgan "O‘zbekiston-Tojikiston: davlatlararo hamkorlik, o‘zaro ishonch va umumiy manfaatlar" mavzusida o‘tkazilgan sessiya davomida o‘zbek-tojik aloqalarining tiklanishi haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
"Esimda, chegaralar ochilgan vaqtdagi kadrlarni namoyish etishganida, odamlar ko‘z yoshlar bilan bir-birlarini bag‘irlariga bosishgan edi. San’at sohasi vakillari ham ushbu tadbirda ishtirok etgandi. Bu odamlar yillar davomida kutgan quvonchli lahzalar edi! Odamlarning o‘z qarindoshlarini ko‘rishi, otalarning o‘z bolalari bilan uchrashishi, oddiy odamlar, chegaralar ochilgani tufayli o‘zini baxtli his etdi. O‘ylaymanki bu katta baxtdir”, - deb ta’kidladi Gavhar Zokirova.
Shundan so‘ng, xalq artisti Dushanbega borish hozir Chilonzorga borishdek oson bo‘lgan davrlarni esga oldi.
"O‘z vaqtida biz Dushanbega hozir Chilonzorga borgandek oson borar edik. Chiptani olasizu, samolyotga o‘tirasiz, tamom. O‘zimiz juda ko‘p borganmiz, teatrlarimiz juda ko‘p gastrollarda bo‘lgan, u yerda bizning artistlarimizni hamma tanir edi. Ajoyib tarzda kutib olardilar, orqamizdan muxlislar galasi yurardi", - deb esga oladi san’atkor.
Zokirovaning so‘zlariga ko‘ra, tojikistonlik tomoshabinlar juda oddiy, samimiy va mehribon bo‘lgan.
"Qanday qilib ikki xalqni: o‘zbek va tojik xalqlarini ajratish mumkin? Bu ikki tilda so‘zlashadigan yagona xalqdir. Va nihoyat eng asosiysi, biz bir-birimizni juda sog‘ingan ekanmiz. Nihoyat birgamiz, endi tez-tez uchrashib turishimiz, ular o‘zlarining spektakllari bilan bu yerga keladilar, biz boramiz. Madaniy va san’at sohasidagi hamkorligimiz doimiy davom etsin. Biz har doim birga bo‘lishimizga hech qachon to‘siqlar bo‘lmasin. Xalq uchun bu eng asosiy baxt”, - deb qo‘shimcha qildi xalq artisti.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda 1-4 avgust kunlari Tojikiston delegatsiyasi tashrif buyurdi. Uning tarkibiga 55 nafar san’ant, fan va ta’lim vakillari kirdi. Ikki davlat vakillari aloqalarni mustahkamlash va kelgusi yilga hamkorlik rejalarini tuzishdi.