TOShKENT, 2 avg - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. O‘zbekiston Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev bugun Xalqaro Press klubda bo‘lib o‘tgan "O‘zbekiston-Tojikiston: davlatlararo hamkorlik, o‘zaro ishonch va umumiy manfaatlar" mavzusida o‘tkazilgan sessiya davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlardagi "muzlik davri" ortda qolganini ta’kidladi.
"Bugungi bizning uchrashuvimiz, bu tarixiy uchrashuv. Yaqin atrofda biz tojik xalqi bilan bunday davra suhbatlarida qatnashmagan edik. Oxirgi ikki yildagi o‘zgarishlar o‘zimizga ham sezilmoqda", - dedi Baxtiyor Sayfullayev va zaldagi tojikistonlik mehmonlarga qarata "xush kelibsiz!", deya qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev saylovlardagi g‘alabasidan keyingi ilk bayonotlaridan birida mamlakat tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlarni sanab o‘tar ekan, O‘zbekiston qo‘shni mamlakatlar bilan endi faqat va faqat do‘st bo‘lishiga alohida urg‘u bergan edi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tgani yo‘q, davlat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli bugun dunyo hamjamiyati Markaziy Osiyo mintaqasida ro‘y berayotgan tarixiy jarayonlarga guvoh bo‘lmoqda. Chegaralar ochilishi, devorlar qulashi, sim to‘siqlar o‘rnini "do‘stlik darvozalari" egallashi...
Qozog‘istonda bu yil O‘zbekiston yili nishonlanishini ham ikki davlat munosabatlaridagi yirik madaniy yutuq sifatida e’tirof etish mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, axil qo‘shnichilik, madaniy diplomatiya siyosati bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqaning tashrif qog‘oziga aylanib bormoqda.
O‘zbekiston Madaniyat vaziri o‘tmishdagi munosabatlarni esga olar ekan, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida Mustaqillik yillaridan so‘ng 20-yildan ziyod vaqt mobaynida hech qanday hamkorlik bo‘lmaganini, ammo prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘rtadagi do‘stlik bugunga kelib tiklanganini qayd etdi.
"O‘tmish tarixga nazar soladigan bo‘lsak, madaniy aloqalarimiz ildizlari asrlarga borib taqaladi. Hozirgi kunga kelganda, 20-yildan ortiq muddatda, prezidentimiz ta’biri bilan aytganidek, tojik birodarlarimiz bilan hech qanday aloqa qila olganimiz yo‘q. Na madaniyat, na san’at va na boshqa sohalarda. Lekin, mana, Shavkat Miromonovich tashabbuslari bilan 2016-yilda O‘zbekiston san’at ustalari Tojikistonda konsert o‘tkazib kelishdi, 2017-yil kuz oyida tojik do‘stlarimiz O‘zbekistonga keldilar va o‘zbek xalqini, o‘zbek tomoshabinini o‘z san’ati bilan, tasviriy san’ati bilan, hunarmandchiligi bilan, kinolari bilan lol qoldirib ketdilar. Xalqlar bu san’atni sog‘inishgan edi". - dedi vazir.
Sayfullayevning aytishicha, Tojikiston Madaniyat vaziri Orumbekzoda Shamsiddin boshchiligidagi Do‘stlik delegatsiyasining O‘zbekistonga bugungi tashrifi esa o‘rtadagi rishtalarni yanada chambarchas bog‘ladi.
"Barchaga ma’lum, yaqinda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga tashriflari bo‘ladi. Shu tashrif doirasida biz madaniy aloqalarni tiklash borasida ikkita vazirlik o‘rtasida qarorni imzolashga hujjatlarni tayyorlab qo‘yibmiz", - deb qo‘shimcha qildi siyosatchi.
Sayfullayev shuningdek, ikkala tomon 2022-yilgacha hamkorlik rejalari ishlab chiqilgani va tashrif doirasida ushbu hujjatlar tasdiqlanishi kutilayotganini aytdi.
"Bizning madaniy aloqalarimiz abadiy bo‘ladi, do‘stligimiz abadiy bo‘ladi, agar qo‘shqanot bo‘lib harakat qilsak, oldimizda turgan maqsadlarga bemalol yetsa bo‘ladi", - dedi O‘zbekiston Madaniyat vaziri o‘z so‘zi yakunida.