TOShKENT, 31-iyul - Sputnik. Toshkent davlat sirkida yo‘lbars va sher maymunni yeb qo‘yishgani haqidagi xabarlar uydirma, deb ma’lum qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga sirk xodimi.
Eslatib o‘tamiz, ilgariroq OAVlarda Toshkent davlat sirkida sher va yo‘lbars ochlikdan "Rijik" laqabli maymunni yeb qo‘ygani haqida xabar tarqalgan edi.
Sirk xodimining birining ta’kidiga ko‘ra, maymun yo‘lbars va sher saqlangan xonada alohida katakda saqlangan bo‘lgan.
"Bu tuhmat. Sher yoki yo‘lbars maymunni yeb qo‘ygan bo‘lsa, jonivorning hech bo‘lmaganda dumi katakda qolar edi. Bu Azamat Xusinovning (hayvon o‘natuvchi, tahr.) uydirmasidan bo‘lak hech vaqo emas", - dedi sirk vakili Sputnik muxbirining ushbu holat yuzasidan murojaatiga javoban.
Sirk xodimining so‘zlariga ko‘ra, Xusinov maymunni yirtqichlar yeb qo‘ygani haqida arizani yaqinda bergan. Eng qizig‘i, deydi suhbatdosh, u o‘z arizasida maymun bir oy oldin yirtqichlarga yem bo‘lganini bayon etganligida.
"Bir oy oldin sher va yo‘lbar maymunni yeb qo‘yganmish. Nega u o‘sha vaqtning o‘zidayoq bu haqda ma’lum qilmadi. Bir oy nimani kutdi? Axir sirkda kechayu-kunduz odam bo‘lsa", - deya o‘z taajjubini yashirmaydi suhbatdosh.
Sirk xodimining so‘zlariga ko‘ra, hayvon o‘ynatuvchi ayni vaqtda sirkda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Ammo yirtqichlarga yaqinlashmayapti.
"Umuman, bunday xabardan keyin biz yig‘ilish o‘tkazdik. Garchi maymunni yirtqichlar yeb qo‘ygani isbotsiz holat bo‘lsa-da, ushbu holatga oydinlik kiritish uchun veterinarlar va vrachlar yirtqichlarni ko‘rikdan o‘tkazish, ularning qonini tekshirish bilan shug‘ullanmoqda", - deydi u.
Sirk xodimining ma’lum qilishicha, agar yirtqichlar maymunni yeb qo‘ygani o‘z isbotini topgudek bo‘lsa, hayvonlar Toshkent hayvonot bog‘iga jo‘natiladi. Ammo bu holatni oldin isbotlash darkor.