TOShKENT, 31-iyul — Sputnik. Qozog‘istonlik erkak uzoq 15-yilni Atirau va Pavlodardagi psixonevrologik dispanserlarda o‘tkazgan, so‘ngra uni Moskvadagi Serbskiy nomidagi narkologiya va psixologiya milliy tibbiyot tadqiqot markazida uni sog‘lom deb tan olishgan.
Erkak 1991-yilda ruhiy kasalxonadan chiqqan va bugun, oradan 27-yil o‘tgach tibbiyot tashkilotlarini sudga bermoqchi, deb xabar qildi Sputnik Qozog‘iston nashri.
Keksayib qolgan Yelyubay boboning so‘zlariga ko‘ra, psixdispanserga u rafiqasining aybi bilan 41-yil oldin tushgan. Atirau viloyatidagi tibbiyot muassasasida 10-yil yotgan va bu vaqt oralig‘ida insulinokomatoz terapiya olgan.
Psixiatriyaning ushbu usuli katta dozada insulin kiritish orqali sun’iy gipoglikemik koma chaqirishdan iborat.
Keyinchalik erkak hamshiralardan biri va qarindoshi ko‘magida Pavlodardagi psixdispanserga o‘tishga muvaffaq bo‘ladi. U mustaqil ekspertlar ko‘rigidan o‘tishga qaror qiladi. Moskvadagi Serbskiy nomli narkologiya va psixologiya milliy tibbiyot tadqiqot markazi ekspertlari Yelyubayga uning ruhiy xasta emasligi haqida xulosani beradilar.
Erkak ekspertlar xulosasini Pavlodar viloyati psixonevrologiya dispanseriga taqdim etadi, u yerda o‘tkazilgan ekspertiza moskvalik ekspertlar xulosasini tasdiqlaydi, deb tushuntiradi pensionerning qonuniy vakili Oygul Irgibayeva.
Ayolning aytishicha, Pavlodardagi komissiya ko‘rigidan so‘ng erkakka javob berilgan.
1991 yildan Yelyubay yangicha hayotni boshlaydi - bunda dori va psixiatr muolajalariga o‘rin qolmagan edi. Bu kabi ishlar muddatsiz bo‘lishidan xabar topgan Yelyubay aybdorlarni jazolashga qaror qiladi. Erkak suddan nega sog‘lom odamni ruhiy xastaga chiqarishganiga oydinlik kiritishni so‘ramoqda. Pensioner Atirau va Pavlodardagi dispanserlardan uch million tenge (taxminan 8,6 ming dollar) undirib, bu pullarni xayriya ishlariga sarflashni rejalashtirgan.