TOShKENT, 19 mar — Sputnik. 2018-yil 1-apreldan boshlab ichki ishlar organlari o‘z joniga qasd qilingan har bir holat to‘g‘risida psixiatriya xizmati muassasalariga zudlik bilan xabar beradi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 16-mart kuni imzolangan "Psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida"gi yangi qarorida aytib o‘tilgan.
Shuningdek, 2018-yil 1-maydan boshlab xususiy tibbiyot tashkilotlariga ruhiy holat buzilishini va xulq-atvor buzilishini tashxis qilish va davolash bo‘yicha aholiga ayrim xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekiston xususiy amaliyot vrachlari uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda ruhiy holati buzilishini va xulq-atvor buzilishini tashxis qilish va davolash bo‘yicha xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxatini tasdiqlashi kerak bo‘ladi.
Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali, Andijon davlat tibbiyot instituti va Samarqand davlat tibbiyot institutida "psixiatriya" yo‘nalishi bo‘yicha klinik ordinaturada o‘qish uchun o‘rinlar sonini 10 nafargacha oshiriladi.