TOShKENT, 26-iyul – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi 2018-yil birinchi yarmida O‘zbekiston bilan savdo hajmi eng yuqori mamlakatlar o‘ntaligini e’lon qildi.
Unda birinchi o‘rinni Rossiya egalladi. Ushbu davlat bilan savdo aylanmasi 2 826 mln dollarni tashkil etgan. Eksport - 1 022,4 mln dollar, import - 1 813 mln dollarga teng bo‘ldi. Bu mamlakatning umumiy savdo aylanmasidagi ulushi - 16%.
Keyingi o‘rinda Xitoy bormoqda: savdo aylanmasi - 2 811,3 mln dollar, eksport - 1 304,6 mln dollar, import - 1 506,7 mln dollar. Umumiy savdo aylanmasidagi ulushi - 15,9%.
Uchinchi o‘rinda Qozog‘iston joylashdi: savdo aylanmasi - 1 436,7 mln dollar, eksport - 701,4 va import – 735,3 mln dollar. Umumiy savdo aylanmasidagi ulushi - 8,1%.
Keyingi o‘rinlardan Turkiya, Koreya, Afg‘oniston, Germaniya, AQSh, Latviya va Belarus joy oldi.
Vazirlik shuningdek, 2018-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston tomonidan eksport qilingan mahsulotlar ro‘yxatini ham e’lon qildi.
Eng ko‘p eksport qilingan mahsulotlar orasida birinchi o‘rinda tabiiy gaz, keyingi o‘rinlarda meva-sabzavotlar va ip-paxta mahsulotlari joylashgan.
Eksportning umumiy hajmi 7 793 421,1 ming dollarni tashkil etgan.