TOShKENT, 25-iyul - Sputnik. 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahrida kinematografiya sohasining malakali kadrlarini tayyorlash bo‘yicha S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya kinematografiya davlat instituti filiali ochiladi. Bu O‘zbekiston prezidentining “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatilgan.
Qarorga muvofiq, 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining iqtidorli bitiruvchilarini hamda institutda “Ijro etuvchi produser” va “Kinorejissura va kinodramaturgiya” yo‘nalishlari bo‘yicha dastlabki saralashdan o‘tgan bakalavr darajasiga ega milliy kinematografiya sohasining mutaxassislari Butunrossiya kinematografiya davlat instituti (BKDI) qoshidagi “Kino va televidenie”ning oliy kurslariga o‘qishga yuboriladi.
2019/2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bakalavriatining ixtisoslashgan yo‘nalishlari iqtidorli bitiruvchilari uchun BKDI assistentura-stajirovkasida “Ijro etuvchi produser”, “Dramaturgiya” va “Audiovizual san’at rejissurasi” mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qishlar tashkil etiladi.
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahrida kinematografiya sohasining malakali kadrlarini tayyorlash bo‘yicha BKDI filiali (qo‘shma fakulteti) ochiladi.
O‘qituvchilik faoliyatiga BKDI yuqori kurslarida va assistentura-stajirovkasida avval tayyorgarlikdan o‘tgan mutaxassislar, shuningdek, master-klasslar o‘tkazish uchun institut professor-o‘qituvchilari jalb etiladi.