TOShKENT, 24-iyul - Sputnik. Jizzaxdagi “Forish” tog‘ poligonida O‘zbekiston hamda Qozog‘iston maxsus operatsiya kuchlari ishtirokida ikki mamlakat o‘rtasidagi qo‘shma mashg‘ulotlarning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi axborot xizmati xabar qildi.
“Noqulay iqlim sharoitlarida tog‘li hududlarda shartli noqonuniy qurollangan kuchlar tahdidini qaytarishga qaratilgan mashqlar orqali ikki mamlakat harbiy xizmatchilari jahonda va mintaqada keskin o‘zgarib borayotgan harbiy siyosiy vaziyat, milliy va global xavfsizlik sohasida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan xatar va tahdidlarga qarshi kurashishning eng ma’qul usul va uslublarini qo‘llash borasida o‘zaro tajriba almashdilar”,-deyiladi xabarda.
O‘quv mashqlarida O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining 15 ga yaqin aviatsiya texnikalari, 10 dan ortiq artilleriya qurilmalari hamda O‘zbekiston va Qozog‘istonning 50 nafardan harbiy xizmatchisi jalb etildi.
Mashg‘ulotlarning ikkinchi ko‘rinishida shartli dushmannning jangovar texnikalari va tirik kuchlariga SU-25 jangovar samolyotlari va MI-24 vertolotlaridan qaqshatqich zarbalar berildi.
Hamkorliklagi o‘quv mashg‘ulotlari doirasida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari harbiy texnika va qurol-aslahalari namoyishi bo‘lib o‘tdi.
Mashg‘ulotlarning birinchi bosqichi Qozog‘istonda 2018-yil iyul oyi o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan edi.