TOShKENT, 18-iyul - Sputnik. O‘zbekiston va Qozog‘iston harbiylarining hamkorlikdagi maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
"O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov boshchiligidagi harbiy delegatsiyaning Qozog‘istonga rasmiy tashrifi doirasida ikki mamlakat maxsus operatsiya kuchlari bo‘linmalarining “Yerik dala” hamkorlikdagi maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi", - deyiladi xabarda.
O‘quv mashg‘ulotlari jarayonida Qozog‘iston va O‘zbekiston maxsus operatsiya kuchlari bo‘linmalari tomonidan tungi vaqtda o‘quv-jangovar razvedka harakatlari amalga oshirildi. Uchuvchisiz uchish apparati kompleksi yordamida o‘tkazilgan havo razvedkasi davomida 2500 metr balandlikdan shartli noqonuniy qurollangan guruh aniqlanib, bir juft Su-30 SM yordamida yo‘q qilindi. Shartli dushmanning ehtimoliy harakat marshruti yo‘nalishida 2000 metr balandlikdan maqsadli hujum uyushtirildi. Zarbalar, shuningdek, aviatsiya yordamida ham o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlarni Azizov bilan birgalikda Qozog‘iston mudofaa vaziri general-polkovnik Saken Jasuzakov ham kuzatdi.
O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov hamkorlikdagi mashg‘ulotlarni muntazam tashkillashtirib turish ikki mamlakat armiyasining rivojida ahamiyatli bo‘lishini ta’kidladi.
O‘quv mashg‘ulotning ikkinchi bosqichi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy harbiy okrugidagi “Forish” tog‘ dala o‘quv markazi bazasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.