TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. Fuqarolar yig‘ini huzuridagi "Ota-onalar universiteti" jamoatchilik tuzilmasi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi, deb xabar qildi Adliya vazirligi "Huquqiy axborot" kanali.
Qaror bilan fuqarolar yig‘ini huzuridagi "Ota-onalar universiteti" jamoatchilik tuzilmasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra universitetning asosiy vazifasi, jumladan farzand tarbiyasiga yetarli e’tibor bermayotgan ota-onalar bilan ishlash, fuqarolar yig‘inidagi oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlarning oldini olish hisoblandi.
Universitet tarkibi 10-15 nafar a’zodan iborat tarkibda ovoz berish yo‘li bilan shakllantiriladi.
Har yili Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan o‘tkaziladigan "Eng namunali xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-ahloqiy qadratlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis" ko‘rik-tanlovi doirasida namunali faoliyat olib borayotgan "Ota-onalar universiteti" jamoatchilik tuzilmasi rahbarlari va a’zolarini rag‘batlantirish bo‘yicha alohida nominatsiyalar joriy etiladi.