TOSHKENT, 20 iyul — Sputnik. Toshkent shahrida bir yilda 638 ta koʻp qavatli uy quriladi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Uzoq yillar davomida Toshkent shahrida koʻp qavatli uylar qurilmagan. Oqibatda aholi orasida uy-joyga boʻlgan ehtiyoj ortib ketgan.
Prezident tashabbusi bilan 2017 yildan boshlab respublikaning barcha shaharlarida turar-joyga muhtoj oilalar uchun arzon va har tomonlama qulay uy-joylar qurish boshlandi. Jumladan, Toshkent shahrining Sergeli tumanida oʻtgan yili 102 ta koʻp qavatli arzon uylar qurilib, 4 ming 88 ta oila oʻz uyiga ega boʻldi.
Joriy yilda Toshkent shahrida 28 ming xonadonli 638 ta koʻp qavatli uylar qurilmoqda. Ularning 334 tasi arzon uy-joylar boʻlib, bu oʻtgan yilga nisbatan 3 barobar koʻpdir.
Jumladan, Sergeli tumani "Choshtepa" mahalla fuqarolar yigʻini hududida chet ellik investorlar ishtirokida 72 ta 7 qavatli uy qurilishi boshlangan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur uylar loyihasi bilan tanishdi.

"Toshkentda hech qachon bir yilda 638 ta koʻp qavatli uy qurmaganmiz. Bitta mavzeda 72 ta 7 qavatli uy rejalashtirmaganiz. Bu poytaxtimizdagi bunyodkorlik, xalqimiz talabini qondirish yoʻlidagi ishlarimiz miqyosidan bir dalolat. Tasavvur qilinglar, bu uylar qancha odamlarga ishonch, qancha oilalarga fayz-baraka olib keladi", - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari uylar qurishning zamonaviy yutuqlarini oʻzlashtirish, bunday uylarni boshqa joylarda ham loyihalashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi.