TOSHKENT, 20 iyul — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoʻyliq metro yoʻlini Navroʻzgacha bitirish haqida topshiriq berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Dastlab Toshkent metropolitenining "Doʻstlik" bekatidan Qoʻyliq bozorigacha boʻlgan qismi quriladi. 11 kilometrlik bu qismda sakkizta bekat bunyod etiladi.
Xabarda aytilishicha, Oʻzbekiston rahbari Yashnobod tumaniga tashrif buyurib, mazkur metro qurilishining borishi bilan tanishdi.
"Jamoat transportining faqat neft yoki gazga bogʻlanib qolishi notoʻgʻri. Yer usti metrosi arzon, qulay va xavfsiz. Eng muhimi, bu boshqa jamoat transportlaridagi yuklamani oʻziga oladi, shahar markazidagi tirbandlikni kamaytiradi. Yoʻl haqi tushumiyam vaqtida va joyida boʻladi", - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu jihatlarni hisobga olib, qurilishni tezlashtirish, ishni bir necha smenada tashkil etib, ertaroq qurib bitkazish zarurligi taʼkidlandi.

Prezident yer usti metrosining birinchi bosqichini kelgusi yil Navroʻz bayrami arafasida foydalanishga topshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.