TOShKENT, 15-iyul – Sputnik. O‘zbekistonda axborotlashtirish va aloqa sohasi xodimlarining oyligi eng tez sur’atlarda ortmoqda. Bu haqda Statistika qo‘mitasi hisobotida ma’lum qilindi.
Tahlilga ko‘ra, 2018-yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 1 609,1 ming so‘mni tashkil etgan. Bunda ish haqiga ustama, mukofot, rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lovlar, kompensatsiya va ishlanmagan vaqt uchun haq kabi to‘lovlar kiritilgan, shuningdek uning tarkibida jismoniy shaxslar daromad solig‘i, ijtimoiy sug‘urta va kasaba uyushmasiga to‘lovlar ham mavjud.
“2018 yil yanvar-iyun oylarida respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan moliyaviy va sug‘urta faoliyatida 89,9 % ga, axborot va aloqada 88,3 % ga, sanoatda 51,9 % ga, tashish va saqlashda 33,5 % ga yuqorini tashkil etgan bo‘lsa, aksincha sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda 34,2 % ga, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarda 28,8 % ga, ta’limda 22,3 % ga kamni tashkil etmoqda”, - deyiladi hisobotda.
Hisobotda aytilishicha, 2018-yilning birinchi yarmida axborotlashtirish va aloqa sohasi xodimlarining o‘rtacha ish haqi 3,03 million so‘mni tashkil qildi. O‘tgan yilning mos davriga solishtirganda o‘sish sur’ati 32,9 foizga teng.
Ta’lim sohasida ishlovchilarga hisoblangan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 1 250,4 ming so‘mni tashkil etgan va 2017-yilning mos davriga nisbatan 15,2 % ga o‘sgan.
Sanoat sohasida ishlovchilarga hisoblangan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2 443,6 ming so‘mni tashkil etib, 2017-yilning mos davriga nisbatan 30,2 %ga o‘sganligi aytilmoqda.
Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida ishlovchilarga hisoblangan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 1 058,5 ming so‘mni tashkil etib, 2017-yilning mos davriga nisbatan 16,8 %ga, tashish va saqlash sohasida ishlovchilarga hisoblangan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2 148,3 ming so‘mni tashkil etib, 2017-yilning mos davriga nisbatan 22,1 %ga o‘sgan.
Moliyaviy va sug‘urta faoliyati sohasida ishlovchilarga hisoblangan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 3 054,9 ming so‘mni tashkil etib, 2017-yilning davriga nisbatan 25,4 %ga o‘sgan.