TOShKENT, 13-iyul – Sputnik. O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov xalq ta’limi tizimi xodimlarining oylik maoshlari o‘ta past ekanligini qayd etdi. U bu haqda o‘zining G‘acebookdagi sahifasida yozib qoldirdi.
Vazirning bildirishicha, hozirgi vaqtda respublika miqyosida 11 mingdan ortiq o‘qituvchilik lavozimlarida vakansiyalar mavjud va 66 ming nafardan ortiq oliy ta’lim diplomiga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar maktablarda faoliyat yuritishmoqda.Ular orasida erkak o‘qituvchilar ulushi 30 foizdan kam bo‘lib, Toshkent shahrida esa bu ko‘rsatkich atigi 10 foizni tashkil etadi.
“Bu muammolarning asosiy sababi maktab ta’limi tizimidagi xodimlarning oylik maoshlarining o‘ta past ekanidir. Oxirgi uch yillikni sarhisob qiladigan bo‘lsak, umumiy o‘rta ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarning oylik maoshlari eng past bo‘lib, o‘sish sur’ati ham boshqa soha vakillari maoshlariga solishtirganda ancha past bo‘lgan. Natijada 2016-yilda maktab ta’limi sohasidagi o‘rtacha oylik moliya sohasinikiga nisbatan atigi 48 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu yilga kelib 42 foizgacha kamayganini ko‘rish mumkin”, - deb yozadi Shermatov.
Vazirning qayd etishicha, joylarda maktab ta’limi tizimi xodimlariga majburiy obuna (200 tadan ortiq gazeta-jurnallarga), turli xil tadbirlarga majburiy chiptalar sotish, maoshidan yana boshqa turli xil majburiy ushlanmalarni olib qolinishi natijasida o‘qituvchilarning shundoq ham kam bo‘lgan oylik maoshlari undanda kamayib ularning qo‘ligacha yetib borapti.
“Keyin esa hayron bo‘lamiz: nega ta’limda ota-onalardan turli xil yig‘imlar ko‘paygan, ta’lim tizimi sifati tushib ketgan, bolalarning tarbiyasi yomonlashayapti, ularni orasida jinoyat ortayapti, o‘z joniga suiqasd qilish hollari ko‘paymoqda deb”, - deydi xalq ta’limi vaziri.
Shermatovning yozishicha, Yaponiya, Singapur, Koreya kabi davlatlarning rivojlanishining siri ham aynan o‘qituvchilarning oylik maoshlari yuqori qilib belgilangani va har bir o‘qituvchi o‘rniga o‘nlab talabgorlar borligidadir.
“Shu fursatdan foydalanib, hurmatli moliyachilarimizdan Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan ushbu vazifaning yechimiga bu safar boshqacha yondashishlarini, avvalgidek turli bahonalar topish emas, balki qo‘yilgan vazifani ijobiy yechish yo‘llarini topishga harakat qilishlarini so‘rab qolamiz.
Ta’lim sohasidagi holatni haqiqiy o‘zgartirish uchun Xalq ta'limi vazirligi - Ministerstvo narodnogo obrazovaniya tizimi xodimlarining oylik maoshlarini bir necha foiz emas, balki bir necha barobar oshirish zarur! Bu o‘z navbatida joylardagi iste’mol talabining ko‘payishi hamda iqtisodiyotda faollikning oshishiga turtki bo‘ladi”, deya qayd etgan xalq ta’limi vaziri.
Shermatov davlat aynan ta’limga asosiy sarmoya kiritishi, boshqa sohalarga esa xususiy sektor sarmoya kiritishiga sharoit yaratishi kerakligini ta’kidlagan.
“Yoshlarimizni bilim olishga qiziqishlari ortishi uchun ular hayotda o‘qituvchilari boshqa soha vakillaridan ko‘ra ancha yaxshi yashayotganini ko‘rishlari shart! Lekin hozir joylarda o‘rtacha o‘qituvchining sharoiti bilan o‘rtacha moliyachining sharoitini solishtirib bo‘larmikin”, - deya xulosa qiladi xalq ta’limi vaziri.