TOShKENT, 15-iyul – Sputnik. 2018-yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqining yuqori miqdori Toshkent shahrida qayd etildi, deb ma’lum qildi Davlat statistika qo‘mitasi.
Ma’lumot berilishicha, Toshkent shahrida o‘rtacha oylik ish haqi miqdori 2 252,1 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lib, respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan 140 %ga ko‘pdir.
Navoiy viloyatida bu miqdor 2 153 ming so‘mni (133,8 %) va Toshkent viloyatida 1 768,5 ming so‘mni (109,9 %) tashkil etgan.
Bu ko‘rsatkich Namangan viloyatida 1 263,3 ming so‘mni (78,5 %), Samarqand viloyatida 1 273,6 ming so‘mni (79,2 %) tashkil etib, boshqa hududlarga nisbatan kam miqdorga ega bo‘lgan.
Statistika qo‘mitasining tahliliga ko‘ra, 2018-yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 1 609,1 ming so‘mni tashkil etgan. Bunda ish haqiga ustama, mukofot, rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lovlar, kompensatsiya va ishlanmagan vaqt uchun haq kabi to‘lovlar kiritilgan, shuningdek uning tarkibida jismoniy shaxslar daromad solig‘i, ijtimoiy sug‘urta va kasaba uyushmasiga to‘lovlar ham mavjud.