TOShKENT, 14-iyul - Sputnik. O‘zbekistonda 15-iyul kunidan boshlab xorijiy fuqarolarga respublikada turistik maqsadlarda bo‘lish uchun elektron kirish vizalarini rasmiylashtirish va berish boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qildi.
Endilikda xorijiy fuqarolar O‘zbekistonga kirish vizasini olish uchun diplomatik vakillik yoki O‘zbekistonning chet ellardagi konsullik idorasiga rasmiy murojaat qilishi shart bo‘lmaydi.
Elektron viza xorij fuqarosiga 30 kun muddatga O‘zbekiston hududida bo‘lish huquqini beradi va bu viza taqdim etilgan kundan boshlab 90 kun muddat ichida amal qiladi.
Viza olish uchun murojaat yuborilgan kundan tashqari ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Taqdim etilgan elektron viza xorij fuqarosining e-visa.gov.uz portaliga qilgan murojaatida ko‘rsatilgan elektron manzilga jo‘natiladi.
Murojaat O‘zbekistonga safar qilish mo‘ljallangan kungacha kamida uch ish kuni oldin yo‘llanishi lozim.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun konsullik yig‘imi 20 AQSh dollarini tashkil etadi.
Chegarani kesib o‘tish vaqtida turist qog‘oz yoki elektron ko‘rinishdagi elektron vizani ko‘rsatadi.