TOShKENT, 9-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi tomonidan shikastlangan valyutalarni qabul qilish to‘g‘risidagi qarori e’lon qilindi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Qaror bilan jismoniy shaxslar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Nizomda shikastlangan chet el valyutasini muomalaga yaroqli deb topish asoslari ham ko‘rsatilgan.
Masalan, endilikda tasvirini (shaklini) aniqlash imkonini beradigan darajada siyqalangan va ifloslangan bo‘lsa; enining (bo‘yining) to‘rtdan bir qismidan oshmagan yopishtirilgan yirtiqlarga ega bo‘lsa; qo‘yilgan burchaklari yoki qismlari (1 santimetr ikkitadan oshmagan) bo‘lsa hamda yirtib olingan burchaklari yoki qismlar aniq ushbu banknotaga tegishli bo‘lsa bunday banknotalar muomalaga yaroqli qonuniy to‘lov vositasi hisoblanadi.
Shuningdek, nizomga muvofiq, tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslarning shikastlangan banknotalarini milliy valyutaga ayirboshlash yoki shu turdagi shikastlanmagan banknotalarga almashtirish, maydalash, yiriklash hamda konversiya operatsiyalarni amalga oshirishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ilgari amal qilgan tartibga ko‘ra, eski kupuralarni Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankiga topshirishga to‘g‘ri kelardi. Endilikda bunday kupuralarni banklar va valyuta almashtirish punktlari qabul qilishga majbur. Shikastlangan kupuralarni qabul qilgani uchun moliya muassasalariga komissiya to‘lovi olishga ruxsat berildi.