TOShKENT, 29-iyun — Sputnik. "O‘zavtosanoat" kompaniyasi boshqaruvi sobiq raisi Umidjon Salimov shu kompaniyaning raisining rivojlantirish va marketing bo‘yicha o‘rinbosari etib tasdiqlandi, deb xabar qildi Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" Telegram kanali.
O‘rta muddatli va uzoq muddatli istiqbolda avtomobilsozlikni barqaror rivojlantirish strategiyasi va dasturlarini ishlab chiqish, tarmoqda yagona ilmiy-texnika va investitsiya siyosatini o‘tkazish "O‘zavtosanoat" AJning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Umidjon Salimovni lavozimidan ozod etish haqidagi qaror prezident Shavkat Mirziyoyevning 26-iyun kuni avtomobil sanoatida joriy yil uchun belgilangan ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlarini ta’minlash, tarmoqning rivojlanish istiqbollarini belgilash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishida qabul qilingandi.
Ushbu yig‘ilishda O‘zbekiston avtomobil sanoatida to‘planib qolgan muammolar sanab o‘tildi. Xususan, keyingi paytlarda ishlab chiqarish va eksport hajmi kamaygani, tarmoqning barcha darajadagi boshqaruvida korrupsiya, tovlamachilik, tanish-bilishchilik kabi illatlar tomir otib ketgani tanqid qilindi.
Ayni paytda kompaniya boshqaruv raisi etib, avval Bosh prokuratura tizimida faoliyat ko‘rsatgan Shavkat Umurzoqov tayinlangan.