TOShKENT, 28-iyun — Sputnik. Ta’limi sust, tarbiyasi oz, dunyoqarashi cheklangan xalqning kelajagi zavol, umidsiz, umurtqasiz bo‘ladi, dedi Toshkentdagi Inha universitetida o‘tkazilayotgan xalqaro forumda chiqishi vaqtida Singapur milliy universiteti Li Kuan Yuy nomidagi davlat siyosati maktabi tadqiqotchi-yordamchisi hamda Yaponiyadagi Keyo universiteti Global tadqiqotlar instituti tadqiqotchisi Xasan Redjaboyev.
Sessiya moderatori Xasan Rajaboyev mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
"Ta’lim bu millatning, jamiyatning, butun davlatimizning umurtqasi. Ta’limi sust, tarbiyasi oz, dunyoqarashi cheklangan xalqning kelajagi zavol, umidsiz, umurtqasiz bo‘ladi. Huquqiy demokratik davlat asoslarini izlar ekanmiz, izlanishlarimiz bari bir savolga borib taqaladi: "Ta’lim, fan, madaniyat va dunyoqarashimizni rivojlantirish uchun nima kerak?".
Bu savolga har-xil javob variantlarimiz bor. Birinchi variantda ko‘pgina savollarning yechimini bilamiz. Lekin ularni qo‘llashga tushunarsiz bahonalar pand beradi. Masalan: "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasida aksar xodimlar haligacha na o‘zbek, na ingliz va na hattoki rus tilida to‘g‘ri so‘zlay oladi. O‘qituvchilarning oyligi va farovonligi bu davlat farovonligining strategik prioriteti.
Ikkinchi varinatda esa shu savollarning barchasiga bo‘lmasa-da, anchasiga javob bera oladigan, boshqa davlatlar va maskanlarda muvaffaqiyat bilan topib bo‘lingan yechimlar bor. Aynan shu tayyor va inkor etish ikki karra qiyin bo‘lgan tajribani ulashish, mukammal bo‘lmasa-da, xolis va amaliy fikrlarni bildirish Forumimizning beshinchi sessiyalarida izlanadi.
Masalan, O‘zbekiston Oliy ta’limining asosiy muammolari nimada, degan savolga Garvard universitetining tadqiqotchisi, vatandoshimiz Botir Qobilov javob bersalar, xususiy ta’lim davlat budjetini qanchaga orttira olishi va maktablarning sifatini yaxshilay olishiga Medisson shahridagi Wisconsin universitet doktoranti Begzod Hoshimov takliflarini kiritadi.
Shu bilan birga, sessiyamiz ishtirokchilari islohotlar yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish, korrupsiyani to‘liq yo‘qotish, meriotokratik tizimni rag‘batlantirish, innovatsion siyosatning turkumlarini yaratish borasida hamda "Buyuk kelajak" ekspertlar devonining roli va nundan bo‘lgan talablar muhokamasini aniqlashtirish borasida o‘z takliflarini bildirishadi. Biz ham nima qilishimizni bilishimiz kerak.
Bugun bir narsani ta’kidlashni istardim. O‘zbekiston bahori keldi. Eski zamon maylida fikrlaydiganlar va undan ham yomoni umuman fikrlamaydiganlar uchun imkoniyatlar kamaymoqda. Lekin bor. Yangi davr ostonasidamiz.
Shu ma’noda bugun biz faqat bir jihatda bo‘linishimiz mumkin: vaqti-soati yetgan islohotlarga ishonchsiz holda qarshi turuvchilar yoki samimiy pragmatik va amalda vatanparvar bo‘lamiz. Bu masalada murosaga o‘rin yo‘q. Biz bu kelajakni, Buyuk kelajakni birga qurishni taklif qilamiz".