TOShKENT, 10-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Ostonada boshlangan EKSPO — 2017 xalqaro ko‘rgazmasida mamlakatning energetika salohiyati va 2030-yilgacha mo‘ljallangan rejalari haqidagi videorolikni namoyish etdi. Bu haqda Uznews.uz xabar bermoqda.
Videorolikda O‘zbekistonda bir yilda 320 kun quyoshli bo‘lishi haqida aytiladi. Quyosh energiyasining salohiyati yiliga 51 milliard tonna neftga teng, shamol energiyasining salohiyati esa yiliga 360 million tonna neftga teng. Bunday sof energiyani olish uchun 11 million gektardan ortiq yerdan foydalanish mumkin.
Rolikda aytilishicha, gidroenergiya salohiyati yiliga 1,8 million tonna neftga teng. 2030-yilga kelib energiyaning katta qismi oynali quyosh panellari yordamida olinadi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi yagona avtomobil ishlab chiqaruvchi hisoblanadi. Bu yerda yiliga 200 ming dona avtomobil ishlab chiqariladi. 2030-yilga kelib 48,5% mashina muqobil yonilg‘i turlaridan foydalanadi.
Hududlarda quyosh va shamol energiyasi joriy etilishi natijasida O‘zbekiston iqtisodiyoti 30% ga o‘sadi. Sof energiyadan foydalanish natijasida yonilg‘idan foydalanish 50%ga kamayadi va havoning ifloslanish darajasi 80%gacha pasayadi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.