TOShKENT, 15-iyun - Sputnik. 15-iyun kuni Toshkentdagi “Hazrati Imom” masjidiga hayit namozini o‘qish uchun 60 mingga yaqin kishi yig‘ildi, deb xabar berdi RIA Novosti.
Namoz o‘qilishi vaqti ertalabki soat 05:10ga belgilangan bo‘lib, metro va avtobuslar namoz vaqtidan bir soat avval harakatlanishni boshladi.
Bu yil O‘zbekistonda hayit bayrami ilk bor uch kun – 15-iyundan 17-iyungacha nishonlanadi.
Ushbu haftada O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ramazon hayiti bayrami munosabati bilan mamlakat tarixida ilk bor 226 nafar mahkumni afv etdi.
O‘zbekiston prezidenti xalqqa yo‘llagan bayram tabrigida “El-yurtimizning shu muborak oyda qilgan ibodatlari, ezgu niyatlari ijobat bo‘lsin! Jonajon Vatanimiz, xonadonlarimizda tinchlik, ahillik, fayzu baraka bardavom bo‘lsin! Ezgu ishlarimiz, intilishlarimizda Yaratganning O‘zi madadkor bo‘lsin!”, deya tilak bildirdi.