"Odamlarimizni ayaymiz, lekin odamlar yurtini ayamaydi": Toshkent ahliga murojaat

Obuna bo‘lish
Poytaxt - mamlakat ostonasi, deya e’tirof etishadi. Demak, poytaxtda yashovchi aholi boshqalarga har tomonlama namuna bo‘la olishi darkor. Bugun Toshkent aholisida bu borada qanday muammolar kuzatilmoqda?

TOShKENT, 13-iyun — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. 13 iyun kuni Toshkentdagi Xalqaro Press klubda Toshkentning buguni, ertasi, muammolari va yaqin istiqbolda poytaxtni kutayotgan o‘zgarishlarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ishtirokchilar vatanga muhabbat, obodonchilik, mas’uliyat va tug‘ilib o‘sgan joyga daxldorlik masalalarini ko‘tardilar.

2018 yil martda “Obod qishloq” dasturi to‘g‘risidagi hujjatlar qabul qilinishi Mirzacho‘l tumanida uzoq yillardan beri to‘planib qolgan muammolarga yechim topdi. - Sputnik O‘zbekiston
Yangi uylar, suv quvurlar va ish o‘rinlar yoxud Mirzacho‘l obod gulistonga aylandi
Xalqaro Press klub sessiyasi davomida katta ekranda xaroba ahvolga kelib qolgan turar-joylar, suv bosgan yerto‘lalar, yillar davomida inson qo‘li tegmaganligi tufayli,  deyarli chakalakzorga va tashlandiq joylarga aylangan, axlatxonaga aylantirilgan hududlar, bolalar uchun xavfli maskanga aylangan bolalar maydonchalari aks ettirilgan video lavha namoyish etildi.

Videodagi kadrlarning barchasi O‘zbekiston poytaxti — Toshkent shahrida olingan edi.

Mavzuni — shu bugun ishga kelaverishda guvohi bo‘lgan manzara — avtomobil o‘rindig‘ida o‘tirib, qora asfaltga sigareta qoldig‘ini uloqtirgan haydovchi voqeasidan boshlab bergan XPK raisi Sherzod Qudratxo‘jayev spikerlarga "Biz bugun nega bunday ahvolga kelib qoldik?", — degan savol bilan murojaat qildi.

Sessiya ishtirokchilari bu savolga javoban odamlarda hali ham boqimandalik kayfiyati mavjudligini ta’kidlashdi. Mavzu muhokamasida qatnashganlarning barchasi Toshkent aholisini "davlat qilib bersin", "prezidentimiz qilib bersin", "hokimiyat qilib bersin", deb qarab o‘tirishni yig‘ishtirishga va vatanga daxldorlik tuyg‘usi bilan yeng shimarib ishga kirishishga chorladilar.

Vivoz musora - Sputnik O‘zbekiston
"Nima deyishga ham hayronmiz": bayramdan keyin sayilgohlar axlatxonalarga aylandi
Ishtirokchilarning fikricha, hozirda O‘zbekistonning ko‘plab regionlarida O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlab yuborilgan "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlari respublika xalqida o‘z Vataniga mehr-muhabbat uyg‘otish uchun amalga oshirilgan eng katta xayrli ishdir.

"Har bir fuqaro mana shu men yashayotgan uy, men yashayotgan mahalla-ku, deya birgalikda harakat qilinsa, har bir fuqaro obodonchilik ishlariga ozgina bo‘lsa-da o‘z hissasini qo‘shadigan bo‘lsa, mana shu videolavhada ko‘rib turgan manzaralarning birortasi bo‘lmaydi. Bu masalaning ildizi madaniyatga, ta’lim tarbiyaga borib taqaladi", — deb ta’kidlashdi ishtirokchilar.

Shuningdek, muhokama davomida shu kechayu-kunduzda Toshkent shahridagi boshlab yuborilgan obodonlashtirish ishlarida Andijon viloyatidan hasharchilar kelib qatnashganliklari atib o‘tildi.

"Poytaxt boshqa viloyatlarga o‘rnak bo‘lishi kerak, aslida. Umid qilamizki, andijonlik hasharchilarning Toshkentga kelib mana shunday obodonchilik ishlarni amalga oshirayotganlari shahar aholisiga namuna bo‘ladi, ular kerakli xulosani chiqaradilar", — deb yakun yasaldi mavzuga.

XPK raisi Sherzod Qudratxo‘jayev poytaxt haqida fikr bildirar ekan, shunday dedi: "Har bir davlatda poytaxtga talab boshqacha bo‘ladi. Chunki poytaxt nafaqat shahar, balki har bir mamlakatning siyosiy-iqtisodiy markazi, Bosh shahridir. U mamlakat ostonasi. O‘zbekistonga kelgan mehmonlarda yurtimiz haqida dastlabki taassurotlar Toshkent timsolida paydo bo‘ladi".

Yangiliklar lentasi
0