TOShKENT, 13-iyun — Sputnik. Islom Karimov fondi Feysbuk sahifalarida Anvar qori Tursunov vafoti bilan nekrolog e’lon qilindi.
Birinchi prezidentimiz Islom Karimov ham Anvar qori Tursunovga alohida mehr qo‘ygan edilar.
Zabardast ulamo ko‘p bora Birinchi prezidentimiz bilan hamsuhbat bo‘lgan. 2009-yilda to‘g‘ri yo‘ldan adashgan kimsalar elimiz ardog‘idagi imomga suiqasd uyushtirib, u kishi og‘ir xasta bo‘lib yotib qoldi. Imom-xatibning keyinchalik hikoya qilishicha, o‘sha kezlar Islom Karimov u kishini yaqindan qo‘llab-quvvatlab, ulkan ko‘mak va dalda berganlar.
Bu ikki insonni samimiy hurmat, ona Vatanga muhabbat, millatparvarlik kabi fazilatlar birlashtirib turgan, desak xato bo‘lmaydi.
Atoqli imom yozgan xotirasida Birinchi prezidentimiz masjid qurilishining boshidan oxiriga qadar me’mor va ustalarga qimmatli tavsiya va ko‘rsatmalar berib borganlarini yodga olgan, marhum Yurtboshimizni "Olloh taolo ato etgan noyob iqtidor, tafakkur va salohiyatga ega zot", deya ta’riflagan edi.
Anvar qori Birinchi prezidentimizning jasadlarini yuvishda qatnashgani ham tasodif emas. Imom-xatib keyinchalik Islom Karimovning yuzlarida tabassum zuhur etgani, yuvish chog‘ida esa qoshlari qalinlashib, yuzlari yorishib ketganini so‘zlab bergan edilar.
Inna lillahi va inna ilayhi rajiun.
Mehribon Alloh taolo Anvar qorining dinimiz rivoji yo‘lidagi barcha solih amallarini qabul aylashini, oxiratlarini obod qilishini so‘raymiz. Joylari jannatdan bo‘lsin", — deyiladi nekrolog matnida.