TOShKENT, 13-iyun — Sputnik. Toshkent shahri bosh imom xatibi Anvar qori Tursunov bugun, 13-iyun kuni tongda vafot etdi, deb xabar qildi O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy veb portali.
"O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, ulamolar, imom-xatiblar va mudarrislar Anvar qori Tursunovning oila a’zolariga, yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi. Alloh taolo u kishining qilib o‘tgan yaxshi amallarini o‘zlariga hamroh qilsin. Qoldirgan ilmiy meroslari, mav’izai hasanalaridan xalqimiz ko‘p yillar manfaatdor bo‘lishini muyassar aylasin. Anvar qori Tursunovning oxiratlari obod bo‘lsin", — deb yozilgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Anvar qori aprel oyi boshlarida mikroinsultni boshdan kechirib, shifoxonada qolayotgan edi. Keyinchalik uning komadan chiqqani aytildi, biroq ahvoli baribir og‘irligi ma’lum qilingandi.
Anvar qori Tursunov 1958-yil 21-noyabrda Toshkent shahri Hamza tumanida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. 1966-1976 yillarda Hamza tumanidagi 198-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tahsil olgan. 1981-yil Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetini, 2001-yil Toshkent islom institutini tamomlagan.
1981-1984 yy. — "Yoshlik" jurnalida muharrir, 1984-1987 yy. — O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi ilmiy xodimi, 1987-1989 yy. — Toshkent shahar, Abdulla Qahhor uy muzeyi ilmiy xodimi, 1989-1994 yy. — O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi tarjima va adabiy aloqalar markazi Sharq adabiyoti bo‘yicha katta muharriri, 1994-1999 yy. — Toshkent shahar, Yashnobod tumani, "Yangiobod" jome masjidi imom-xatibi, 1999-2015 yy. — Toshkent shahar bosh imom-xatibi hamda Toshkent shahar, Shayxontohur tumani «Xo‘ja Axror Valiy» jome masjidi imom-xatibi, 2015-yildan Toshkent shahar bosh imom-xatibi hamda Toshkent shahar, Yunusobod tumani "Minor" jome masjidi imom-xatibi vazifasida faoliyat yuritib kelgan.
Anvar qori Tursunov 1989-1992 yillarda Qur’oni karimning birinchi tarjimasiga (Shayx Alouddin Mansur tarjimasi) muharrirlik qilgan. Anvar qori Tursunovning Ali ibn Ahmad Naysoburiyning "Asbobun nuzul" ("Oyatlarning nozil bo‘lish sabablari") tarjimasi, "Fazilatlar kitobi", "Inson mukarram zot" nomli kitoblari nashr etilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, marhumga janoza bugun asr namozidan so‘ng "Minor" masjidida o‘qiladi.