TOShKENT, 12-iyun — Sputnik. O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘z tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom bilim yurtlariga 2018-2019 o‘quv yili uchun qabul e’lon qiladi, deb xabar berdi O‘zbekiston Musulmonlar idorasi matbuot-xizmati.
Mazkur bilim yurtlariga "O‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida"gi Nizom talablariga muvofiq umumiy o‘rta ta’limni (11-sinf bazasida) tamomlaganlik to‘g‘risidagi shahodatnoma (attestat) yoki akademik litsey, kasb-hunar kolleji diplomiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tanlov asosida qabul qilinadi.
Qabul kvotalari bo‘yicha: Toshkentdagi "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasiga; Kitob shahridagi Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasiga Andijon shahridagi Sayyid Muhyiddin maxdum o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasiga, Namangan shahridagi "Hidoya" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasiga 30 nafardan o‘g‘il bolalar qabul qilinadi.
Shuningdek, Buxorodagi "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Urganch shahridagi Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Nukus shahridagi Muhammad al-Beruniy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasiga qabul e’lon qilingan.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va Mir Arab oliy madrasasiga 2018-yilning 15-iyunidan 10-iyuligacha abituriyentlardan hujjat qabul qilinadi.
Mazkur ta’lim muassasalariga “Oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga muvofiq O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o‘rta maxsus islom bilim yurtini bitirganligi haqida diplomga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tanlov asosida qabul qilinadi.
Shuningdek, Toshkent islom institutining maxsus sirtqi bo‘limiga 2018-yilning 15-iyunidan 30-iyunigacha abituriyentlardan hujjat qabul qilinadi.
Maxsus sirtqi bo‘limga o‘rta maxsus islom bilim yurtlarini tamomlaganligi to‘g‘risidagi hujjatga (diplom) ega bo‘lgan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida 5-yil ish stajiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.
O‘MI matbuot xizmati maxsus sirtqi bo‘limning qabul kvotalari to‘g‘risidagi ma’lumotni qo‘shimcha e’lon qilishini aytgan.