TOShKENT, 30-may — Sputnik. O‘zbekiston bosh prokurorining buyrug‘i bilan Aziz Muxtorovich Eshbekov O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tadbirkorlik va investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi, deb xabar qildi bosh prokuratura matbuot xizmati.
A.Eshbekov 1982-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2003-yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.
U mehnat faoliyatini O‘zbekiston prezidenti devoni Qonunchilik va sud hokimiyati organlari bilan aloqalar bo‘yicha ekspertlar guruhida boshlab, Jizzax va Toshkent viloyati prokuraturasi organlarida tergovchi, prokuror yordamchisi va bo‘lim katta prokurori, Bosh prokuratura ichki xavfsizlikni ta’minlash inspeksiyasi prokurori, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti devoni huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha xizmati inspektori, Bosh prokuratura sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa ijtimoiy sohalarda qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi prokurori lavozimlarida ishlagan.