TOShKENT, 26-may – Sputnik. O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi tegishli litsenziya olmasdan “Yandeks.Taksi” foydalanuvchilarini tashish bilan shug‘ullangan 26 nafar haydovchini aniqladi. Bu haqda UzNews xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Toshkentda yo‘lovchi tashish xizmati ko‘rsatuvchi o‘nlab xizmatlar qator vakolatli tashkilotlarga (Davlat raqobat qo‘mitasi, Axborot-kommunikatsiya vazirligi, Avtomobil transporti agentligi, Raqobat qo‘mitasi) “Yandeks.Taksi”ning O‘zbekiston hududida noqonuniy faoliyat ko‘rsatishiga chek qo‘yishni so‘rab jamoaviy murojaat yo‘llagan.
Murojaatda aytilishicha, “Yandeks.Taksi” mobil internet-serverini ishga tushirgan noma’lum shaxslar respublika hududida xo‘jalik yurituvchi subyektni ro‘yxatdan o‘tkazmasdan hamda qonunchilikda ko‘zda tutilgan qator meyorlarga rioya qilmagan holda (tegishli litsenziyalarga ega bo‘lmasdan) o‘z tijoriy faoliyatini boshlagan.
Aytilishicha, murojaat tegishli idoralarga 11-may kuni yo‘llangan.
Xabarga ko‘ra, O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi boshqarmasi “Yandeks.Taksi” mobil ilovasi orqali yo‘lovchi tashish bilan noqonuniy tarzda shug‘ullangan haydovchilarni aniqlagan.
Ana shunday 26 nafar haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 176-3-moddasi (“Avtomobil transportida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish”)ga muvofiq bayonnomalar rasmiylashtirilgan, ularning avtomobillari esa jarima maydoniga yuborilgan.