TOShKENT, 19-may — Sputnik. Toshkent shahar militsiyasi va Bosh prokuratura tomonidan yetti kunlik chaqalog‘ini 4 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi, deb xabar qildi Toshkent shahar IIBB matbuot-xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahar IIBBga poytaxt hududida ayol kishi o‘zining shu yil 5-may kuni dunyoga kelgan qiz farzandini sotish uchun mijoz qidirayotgani haqidagi xabar kelib tushgach, Toshkent shahar IIBB Jinoyat-qidiruv boshqarmasi Iqtisodiy xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi hamda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi soliq, valyutaga oid jinoyatlar va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti hamkorligida tezkor tadbir rejasi ishlab chiqilgan.
Ushbu tezkor tadbir davomida Toshkent viloyatida tug‘ilgan 23 yoshli Xayrinoso. J (ismi o‘zgartirilgan) qo‘lga olingan.
Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 135-moddasi bilan ("odam savdosi") jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayol onalik huquqidan mahrum qilingan, chaqaloq mehribonlik uyiga joylashtirilgan.