TOShKENT, 19-may — Sputnik. Quddusni Isroil poytaxti deb tan olgan va o‘z elchixonasini u yerga ko‘chirgan Gvatemala va boshqa davlatlar bilan munosabatlar qayta ko‘rib chiqilishi darkor, deb bayonot qildi Arab davlatlari ligasi Bosh kotibi Ahmad Abul Geyt.
"Biz o‘z elchixonasini Quddusga ko‘chirgan Gvatemala harakatlarini qoralaymiz. Arab davlatlarining ushbu mamlakat va shunday qadam qo‘yishga qaror qiladigan boshqa mamlakatlar bilan munosabatlari qayta ko‘rib chiqilmog‘i lozim", — deb aytgan ADL Bosh kotibi Qohirada o‘tkazilgan panarab mamlakatlari favqulodda majlisida.
O‘tgan chorshanba kuni Gvatemala o‘z elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirgan birinchi Markaziy Amerika mamlakatiga aylandi. Gvatemala shunday qadamga jazm etgan AQShdan keyin dunyodagi ikkinchi davlat bo‘ldi.