TOShKENT, 19-may — Sputnik. Boeing 737-200 samoleti Gavanada halokatga uchradi. Samolyot bortida 104 nafar yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a’zolari — jami 110 kishi bo‘lgan. Uch nafar ayol tirik qolishga muvaffaq bo‘lgan. Ular o‘ta og‘ir ahvolda jonlantirish bo‘limida yotishibdi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.
Yo‘lovchilar orasida besh nafar chet elliklar bo‘lgan, qolgan yo‘lovchilar kubaliklar. Ekipaj a’zolari Meksikadan bo‘lgan.
Keyin olingan ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning ikki nafari argentinalikligi aniqlangan.
Guvohlarning aytishicha, samolyot havoga ko‘tarilganidan keyin aeroportga qaytishga harkat qilgan, ammo elektruzatgich liniyalariga borib urilgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, ilk qutqaruvchilar hodisa joyiga halokatdan keyin 12 daqiqa o‘tgach yetib kelishgan.
Ayni vaqtda Gavanadagi Xose Marti aeroportining barcha terminallari o‘z ishini davom ettirmoqda.
Hodisadan keyin to‘rt kishi tirik holatda aniqlangan — bir erkak va uch ayol. Erkak kasalxonaga olib ketilayotgan mahalda jon bergan, ayollar og‘ir ahvolda Kaliksto Garsiya nomidagi kasalxonaning jonlantirish bo‘limiga keltirilgan.
Jarohatlanganlarda ko‘plab sinishlar, shishlar va kuyish holatlari aniqlangan. Ularga reanimatologlar, jarrohlar, nevrologlar, ortopedlar va boshqa mutaxassislar yordam ko‘rsatmoqda.
Meksika Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, samolyotning yoshi 39da bo‘lgan. U 1979-yilda ishlab chiqarilgan va faoliyat ko‘rsatish uchun barcha zarur ruxsatnomalarga ega bo‘lgan.
Kuba Davlat kengashi va Vazirlar kengashi raisi Migel Dias-Kanel aviahalokat holati bo‘yicha tergov ishlari olib borilishi haqida bayonot bergan va halok bo‘lganlarning yaqinlariga ta’ziya izhor qilgan. Qora qutilar hozircha topilmagan.
Shu paytgacha olingan ma’lumotlarga ko‘ra, texnik nosozlik aviahalokat sababi sifatida taxmin qilinmoqda.
Kuba Davlat kengashi mamlakatda rasman motam e’lon qildi. 19-may kuni ertalabki 6dan 20-may yarim tunga qadar barcha hukumat organlari va harbiy obyektlarda bayroqlar tushirilgan holatda bo‘ladi.
Hodisa tufayli Kuba davlati Hukumatiga O‘zbekiston, Rossiya, Meksika, Fransiya, Belarus, Venesuela, Ispaniya va boshqa ko‘plab mamlakat rahbarlari o‘z hamdardlik telegrammalarini yo‘llaganlar.