TOShKENT, 19-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi doirasida Andijon tumani Xakan qishlog‘idagi "Milana textile" trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasida bo‘ldi.
Mazkur korxonani tashkil etish loyihasi davlat rahbarining Andijon viloyatiga o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida taqdim etilgan edi.
"Milana textile" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 7 milliard so‘m o‘z mablag‘i va "Aloqabank" viloyat filialidan olingan 2 milliard so‘m kredit evaziga uch qavatli bino rekonstruksiya qilinib, Turkiya va Xitoydan zamonaviy tikuv dastgohlari keltirib o‘rnatildi",- deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Bugungi kunda korxonada ayollar va bolalar uchun 20 turdan ortiq trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlarning asosiy qismi xorijga eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.
Tumandagi 200 nafardan ortiq qishloq xotin-qizlari doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Prezident korxona faoliyati bilan tanishdi, ishchi-xodimlar bilan muloqot qildi.
"Sizlarning ko‘zlaringizni ko‘rib, juda xursand bo‘ldim. Qiz bolaning kulgusi, hayotdan roziligi — oilaning baxti", — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident shuningdek, Andijon tumani Xortum qishlog‘idagi "Zamin Bio Health" mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi. Mazkur zavod yiliga 10 million flakon insulin ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Qandli diabet kasalligini davolashda qo‘llaniladigan bu dori vositasi O‘zbekistonga chetdan keltiriladi. Zavodning ishga tushirilishi bilan ushbu dori vositasi importi hajmi kamayadi, valyuta tejaladi.
Prezident matbuot xizmatining bildirishicha, mazkur dorining narxi pasayadi.
"Masalan, hozirgi paytda bir flakon insulinning bozor narxi 36 ming so‘m bo‘lsa, mazkur korxona bu dorini 20 ming so‘mdan yetkazib berishi mumkin", — deyiladi matbuot xizmati tomonidan.
"Bu juda dolzarb ijtimoiy ahamiyatga ega masala, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Insulinga ehtiyoji bor bemor dori topolmasa, hayoti xavf ostida qoladi, hech qachon rozi bo‘lmaydi. Bunday dorilarning narxini pasaytirish, hamma joyga vaqtida yetkazib turish kerak. Odamlar shuni sezsin".
Prezident mahalliy ishlab chiqaruvchilar bozorga kirib, raqobatbardosh bo‘lguncha ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, dori substansiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazishda ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berdi.