TOShKENT, 18-may — Sputnik. 2018-yil 1-may holatiga 153 nafar voyaga yetmaganlar o‘z joniga qasd qilgan. Bu haqda Bosh prokuraturaga asoslanib "Xalq so‘zi" xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, voyaga yetmaganlar o‘rtasida o‘z joniga qasd va suiqasd qilishning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida 1-may holatiga voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi suitsid holatlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10taga — 163tadan 153taga kamaygan.
Shuningdek, voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik darajasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35,9 foizga (239/373) va jinoyat sodir etgan voyaga yetmaganlar sonining 37,9 foizga (289/466) kamayishiga erishilgan.
107 ta holatda erta turmush qurishning oldi olingan, 3 ta erta turmush qurish holati aniqlanib, 7 nafar aybdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Qizlarni erta turmushga berish holatlarini oldini olish maqsadida erta turmushning salbiy oqibatlari va qonunchilikda belgilangan javobgarlik xususida 1 ming 400dan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan.