TOShKENT, 16-may — Sputnik. Latviyaning mashhur sutni qayta ishlovchi "HANSA Food Comodities" kompaniyasining yetakchi mutaxassisi Yanis Skvarnovichs "O‘zbekoziqovqatxolding" XK boshqaruv raisi Tohirjon Jalilovning sutni qayta ishlash bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi. Bu haqda "O‘zbekoziqovqatxolding" matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, Yanis Skvarnovichs Jizzax viloyatida barpo etilayotgan qattiq turdagi pishloq va boshqa sut mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yirik korxonaning qurilishida bevosita ishtirok etish bilan bir qatorda, sut sanoati sohasida faoliyat olib borayotgan korxonalar uchun seminar va treninglar o‘tkazadi.
Yevropalik mutaxassisning jalb etilishi bilan sutni qayta ishlovchi korxonalarda g‘arb tajribasi keng miqyosda tanishtiriladi, mahsulot sifati, hajmini oshirish va uning eksportini yo‘lga ko‘yish bo‘yicha maslahatlar beriladi.
Yanis Skvarnovichs ishlab chiqarishni boshqarish va tashkillashtirish mutaxassisi hisoblanadi. U "Tukuma Piens" aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi, Latviya sut ittifoqi boshqaruv raisi, "Rīgas piena kombināts" (Riga sut kombinati) aksiyadorlik uyushmasi boshqaruv raisi lavozimlarida ishlagan.
U shuningdek, Ozarbayjonda 500 bosh sog‘in sigirga mo‘ljallangan korxonani barpo etishda maslahatchi bo‘lib faoliyat olib borgan. Ukrainada bolalar ozuqasi bo‘yicha Baltika sut-konserva kombinatini faollashtirishda ishtirok etgan hamda Rossiyaning Tver, Lipesk va Smolensk shaharlarida joylashgan sutni ishlab chiqaruvchi va qayta ishlovchi korxonalarga maslahatchilik qilgan.