TOShKENT, 14 may — Sputnik. O‘zbekistonlik eksportchi kompaniyalar gilosning eksport narxi bo‘yicha yagona xulosaga kelishdi, deb xabar qilmoqda "O‘zbekozikovqatxolding" matbuot xizmati.
“Birgalikda olib olib borilgan sinchikov izlanishlar natijasida barcha tomon bir fikrga keldi – bu yil O‘zbekistondan eksport qilinadigan gilosning eng kam narxi — kilogrammiga 4 $ bo‘lishi kerak. Ushbu narx bizga yaqin joylashgan bozorlar uchun amal qiladi va MDH bozorlarida oldingi yillarda paydo bo‘lgan sotuv tizimini saqlab qolish imkonini beradi”, — deyilgan xabarda.
Ekspertlar fikriga ko‘ra, ushbu narx o‘zbek gilosi narxini dunyo bozori narxlariga yaqinlashtiradi. O‘zbekistonda yetishtirilgan mevalarning sifati va ekologik tozaligi xorijiy xaridorlarda shubha uyg‘otmaydi.
O‘zbekistonlik eksportchilarning asosiy maqsadi – barcha eksporterlar uchun barqaror natijaga erishish va logistika tarmog‘ini tezkor muvofiqlashtirib turishdir.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda O‘zbekiston gilos eksporti bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinni egallab turibdi. Eksport hajmi – yiliga 100 ming tonna. Shuningdek, Respublika boshqa ho‘l mevalar eksportida ham yetakchilik qilmoqda. Xususan o‘rik eksporti bo‘yicha – to‘rtinchi o‘rinni, olxo‘ri eksporti bo‘yicha – yettinchi uzum va shaftoli eksporti bo‘yicha – o‘ninchi o‘rinni egallab kelmoqda.