TOShKENT, 8-may — Sputnik. Sherzod Saidjanovich Xidoyatov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi "Tashkent city" xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida obyektlarni qurish va ulardan foydalanish direksiyasi direktori etib tayinlandi, deb xabar qildi Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali.
Sal ilgariroq "Tashkent city" direksiyasi direktori lavozimida ilgari ishlab kelgan Jahongir Artikxodjayev Toshkent shahar hokimi lavozimiga tayinlangandi.
Eslatib o‘tamiz, "Tashkent City" xalqaro biznes markazi Islom Karimov, Alisher Navoiy shohko‘chalari, Furqat va Olmazor ko‘chalari orasida 80 gektar maydonda joylashadi.
Xalqaro biznes markazi seysmik xususiyatlar, shaharning arxitektura qiyofasi, Markaziy Osiyo shaharsozlik an’analaridan kelib chiqqan holda tabiat bilan hamohanglikda barpo etiladi.
Biznes ofis, mehmonxona uchun mo‘ljallangan, zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha bunyod etiladigan binolarning balandligi 40 qavatdan oshmaydi, turarjoylarning balandligi esa 12 qavatgacha bo‘ladi.