TOShKENT, 5-may — Sputnik. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-martdagi qarori bilan yuridik va jismoniy shaxslarni elektr tarmoqlariga ulash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi Telegram kanali xabar berdi.
Mazkur Reglament bilan yuridik va jismoniy shaxslarni elektr tarmoqlariga ulash uchun ruxsat berish muddatlari va taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqartirildi, davlat xizmatini ko‘rsatish jarayonida ishtirok etadigan subyektlar o‘rtasida o‘zaro aloqalarni faqat elektron shaklda axborot almashinuvi orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.
Jumladan, yuridik va jismoniy shaxslarni elektr tarmoqlariga ulash bo‘yicha davlat xizmatining muddati 16 ish kunidan 5 ish kuniga qisqartirildi.
Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarni elektr tarmoqlariga ulash uchun taqdim etiladigan hujjatlar soni 17 tadan 8 taga kamaytirildi.
Quvvati 20 kVtdan (avval 10 kVt) kam bo‘lgan elektr energiyasi iste’molchilari uchun elektr ta’minoti loyihasini ishlab chiqish va kelishish talab etilmaydi.
Qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish bo‘yicha shartnomalarni iste’molchining xohishiga ko‘ra hududiy elektr tarmoqlari korxonasi yoki boshqa qurilish-montaj tashkilotlari bilan tuzish imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari, murojaat etuvchilar yuridik va jismoniy shaxslarni elektr tarmoqlariga ulash yuzasidan tuman (shahar) davlat xizmati markazlariga o‘zi kelgan holda yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishi mumkin.
Yuqoridagi Reglament orqali elektr energiyasini hisobga olish tizimini plombalash tartibi belgilab berildi.