TOShKENT, 2-may — Sputnik. Rossiya va Turkiyaning qator aviakompaniyalari Qarshi aeroportidagi "ochiq osmon" rejimiga qiziqish bildirmoqda, deb xabar berdi Sputnik muxbiri Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovga asoslanib.
"Ochiq osmon" rejimi amal qiladigan aeroportga xorijiy aviatashuvchilar hech bir cheklovlarsiz parvozlarni amalga oshirish imkoniga ega bo‘ladi. Masalan, Rossiyada Sochi, Vladivostok va Kaliningrad aeroportlari ana shunday rejimda ish olib boradi. Kamtarona hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday rejimning joriy etilishi yo‘lovchilar oqimini 25-30%ga oshiradi.
"O‘zbekistonda loukosterlarni jalb etish va "ochiq osmon" rejimini joriy etish bo‘yicha Qarshi aeroportida ilk loyiha yo‘lga qo‘yildi. Hozirda ko‘plab aviakompaniyalar ushbu aeroportga parvozlarni amalga oshirishga qiziqish bildirmoqda. Bular Rossiyaning Nord va "Uralskie avialinii" hamda Turkiyaning Pegasus Airlines va Atlasglobal kompaniyalaridir", — dedi u.
Abduhakimovning fikricha, turizmning rivojlanishi O‘zbekistonda kuchli Milliy aviatashuvchining bo‘lishiga ham bog‘liq. Bugungi kunda, dedi u, respublika mintaqaviy xabga va "O‘zbekiston havo yo‘llari" Markaziy Osiyoda yetakchi kompaniyaga aylanishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
"Bu shunchaki so‘zlar emas, bunga asoslar yetarli. Bizning aeroportlarimiz geografik jihatdan juda qulay joylashgan. Ular Janubi Sharqiy Osiyodan Yevropaga keladigan oqimni o‘ziga tortib olgan Dubay yoki Istanbulga nisbatan anchagina qulay. Aeroportlarimiz ushbu sohada mintaqada yetakchilikka intilayotgan Qozog‘iston aeroportlariga nisbatan ham qulay", — Abduhakimov.
Aziz Abduhakimovning aytishicha, mintaqada yetakchi bo‘lish uchun aviatashuvlar boshqaruv tizimi jiddiy isloh qilish, "O‘zbekiston havo yo‘llari" faoliyatini muqobillashtirish darkor.