TOShKENT, 1-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qarori bilan Shomahmudovlar oilasining xalqlar do‘stligini ifoda etib turuvchi haykallari Toshkent shahridagi "Istiqlol" san’at saroyining maydoniga ko‘chirilishidan xabar topgan Shomahmudovlar oilasining katta qizi — Xolida xola adolat qaror topganligini aytdi, deb xabar qildi Toshkent shahar hokimligi matbuot-xizmati.
Mana shu xabardan keyin Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmati xodimlari Shayhontohur tumani Jarariq mahallasida yashovchi Shomahmudovlar oilasini katta qizi Xolida xolaning xonadonlarida bo‘lganlarida, Xolida xola bundan xabar topganini va mamnunligini, adolat qaror topdi deya, prezidentni qayta-qayta duo qilayotganini aytgan.
Xolida xola bugungi kunda ikki nevara, besh evara bag‘rida sog‘-salomat hayot kechirmoqda, deyiladi xabarda.
"Shu kunlarga yetib kelganimga shukr. Hamma bo‘layotgan xayrli ishlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rayotganimga shukr", — degan Xolida xola va hazil o‘rnida "9 may kuni uzun limuzin mashinasida dodamning nomi qaytgan maydonga olib boringlar", degan kulib.