TOShKENT, 28 apr — Sputnik. AQSh Federal tergov burosi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi vakillariga "Portlashdan keyingi tergov harakatlarini o‘tkazish tartibi" mavzusida maxsus o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
Mashg‘ulotlarning bir qismi interaktiv ma’ruzalar shaklida Bosh prokuraturaning Oliy o‘quv kurslarida o‘tkazildi, deb xabar qildai O‘zbekiston Bosh prokuraturasi.
Dala sharoitida 3 ta avtoulovni o‘quv maqsadlari uchun portlatish hamda voqea joyini ko‘zdan kechirish jarayoni o‘tkazilgan.
Shu bilan birga ekspertlar tomonidan daliliy ashyolarni yig‘ish, namunalar olish va ularni ekspertizaga yuborish hamda amaliyotda mazkur tergov harakatlarini amalga oshirishda yo‘l qo‘yiladigan xatolar ko‘rib chiqilgan.
Bundan tashqari, mashg‘ulotlarda AQShda sodir etilgan ikkita qo‘poruvchilik harakatlari fakti tahlil qilingan.
"Umuman olganda, o‘quv mashg‘ulotlari portlashdan keyingi kechiktirib bo‘lmaydigan tergov harakatlarini o‘tkazishda dalillarni aniqlash va to‘plash uchun zaruriy bo‘lgan aniq bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratildi", — deyiladi xabarda.
Tadbir yakunida tinglovchilarga sertifikatlar topshirilgan.