TOShKENT, 24 apr — Sputnik. Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu "Islom davlati" terrorchilik uyushmasi jangarilari Suriya va Iroqdan Markaziy va Janubiy-Sharqiy Osiyoga o‘tishmoqda, deya bayonot qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, vaziyatni murakkablashtirayotgan narsa shuki, terrorchilar zamonaviy qirg‘in qurollaridan foydalanishmoqda, ular orasida zarba beruvchi uchuvchisiz uchish apparatlari ham bor.
"Xususan, Suriyada jangarilar tomonidan qo‘llanilayotgan uchuvchisiz apparatlar 100 kilometrdan ortiq masofadan turib harakat qilish xususiyatiga ega. Rivojlangan mamlakatlar texnik yordamisiz ularni yaratib bo‘lmaydi. Aholi soni ko‘p hududlarda bunday qirg‘in vositalaridan foydalanish fojeali oqibatlarga olib kelishi mumkin", — deb ta’kidladi Shoygu.
Ilgariroq, Shoygu Rossiya ODKBga a’zo davlatlarga jangarilar kirishining oldini olishga qaratilgan choralarni ko‘rayotgani haqida bayonot qilgan edi.