TOShKENT, 20 apr – Sputnik. O‘tgan ikki oy ichida “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan 155 kishiga 1 milliard 700 million so‘mlik imtiyozli mikrokredit ajratildi, deb xabar berdi bank axborot xizmati.
Xabarga ko‘ra, mikrokreditlar birinchi navbatda, hududlarda aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, muayan mehnat turlari bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan aholini tadbirkorlik faoliyati orqali bandlik bilan ta’minlash uchun imtiyozli shartlar asosida beriladi.
“Qayd etish kerak, bu turdagi mikrokreditlar Bank tomonidan qarz oluvchilarga eng kam ish haqining 100 baravari miqdorigacha yillik 7 foiz stavkada ajratiladi”, — deyiladi xabarda.
Mikrokreditlar kamida 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3-yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.
Mikrokreditlarni olish shartlari bilan bank saytida tanishish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yil 21-fevral kuni O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvining “Aholi bandligini ta’minlash uchun tijorat banklari tomonidan mikrokreditlar ajratish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilingan edi.