TOShKENT, 13 apr — Sputnik. O‘zbekistonda bojxona organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan prokuratura organlari tomonidan talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlik uchun jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganligi rasmiy ravishda tasdiqlandi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri prezident farmoniga asoslangan holda.
"Talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlik uchun bojxona organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganligi va tergov olib borilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin", — deyilgan "O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmonida.
Bundan avval xorijiy OAVning bir qator o‘zini ma’lum qilmagan manbaalar, Bosh prokuratura Davlat bojxona qo‘mitasida tekshiruv boshlanganligini ma’lum qilingandi. Shu bilan birga, fevral oyi boshida Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Muidjon Toxiriy egallab turgan lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga bosh prokuror o‘rinbosari Murodjon Azimov tayinlangandi.
Prezident farmonida "bojxona nazorati va rasmiylashtiruvining murakkab tartib-taomillari va uzoq muddatlari, bojxona organlari xodimlari o‘rtasidagi korrupsiyaviy huquqbuzarlik va xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlarining saqlanib qolayotganligi islohotlarning to‘liq amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilmoqda" alohida ko‘rsatib o‘tilgan.
Bundan tashqari, tashqi savdo operatsiyalarini monitoring qilish sohasida idoralararo va xalqaro hamkorlikning sust tashkil etilganligi kontrabanda va kontrafakt mahsulotlarni olib kirishning oldini olish vazifalarini samarali bajarish, bojxona to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash sxemalarini aniqlash imkonini bermayapti.
Yuzaga kelgan vaziyatni to‘g‘rilash uchun O‘zbekiston prezidenti Davlat bojxona qo‘mitasi raisiga yuqori professional mahorat, axloqiy va ma’naviy sifatlarga ega, har tomonlama yetuk va vatanparvar yoshlarni bojxona organlariga jalb etishga yo‘naltirilgan kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yishning prinsipial jihatdan yangi tizimini yaratish to‘g‘risida topshiriq berdi.
Shu bilan birga, xodimlarning xizmatga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirish, qonunbuzilishining barcha ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabat muhitini yaratish, jamoada sog‘lom muhitni shakllantirish hamda fidokorona xizmat qilayotgan xodimlarni har tomonlama rag‘batlantirish, xizmat intizomini hamda qonunchilik talablarini qo‘pol ravishda buzgan xodimlarni intizomiy va boshqa javobgarliklarga tortish bo‘yicha choralar ko‘rish haqida vazifalar berildi.