TOShKENT, 7 apr — Sputnik. 2018-yilgi haj mavsumi uchun sarf-xarajatlari eng yuqori darajada ko‘rsatiladigan barcha xizmatlarni e’tiborga olgan holda hamda Jamoatchilik kengashining qaroriga asosan 38 million so‘m etib belgilandi. Bu haqda O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi. Bunda O‘zbekiston Respublikasida xorijiy valyutaning erkin konvertatsiya qilinishi ham e’tiborga olingan.
Xabarga ko‘ra, bu yilgi haj mavsumi tashkiliy ishlari boshlandi. Ziyoratchilarni turli kasalliklarga qarshi vaksina bilan emlash ishlari joriy yilning 25-aprel kuniga qadar davom etishi belgilandi.
Haj mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish uchun soha mutaxassislaridan iborat 230 nafar malakali ishchi guruhi, guruh rahbarlari, tibbiyot guruhi, oshpazlar guruhi safarbar etiladi. Mazkur ishchi guruhi haj mavsumida ziyoratchilarning ibodatlarini emin-erkin va to‘la-to‘kis amalga oshirishlarini ta’minlaydilar.
O‘zbekistonlik ziyoratchilarga muqaddas shaharlarda joylashgan eng zamonaviy hamda barcha sharoitlarga ega bo‘lgan mehmonxonalar xizmat ko‘rsatadi. Ziyoratchilar nafaqat mehmonxonalarda, balki Mino-Muzdalifa-Arafot vodiylarida ham uch mahal issiq ovqat, 24 soat issiq choy va tibbiy xizmat bilan ta’minlanadilar.