TOShKENT, 30 dek — Sputnik. Yanvar oyida "Haj" va "Umra" tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida ziyoratchilar tomonidan to‘lanadigan mablag‘ muhokama qilinadi va narxi belgilanadi. Bu haqda O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qo‘mitaning bildirishicha, hozirgi kunda internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar hamda ommaviy axborot vositalarida Haj mavsumining narxi masalasida bildirilgan ma’lumot fuqarolar orasida turli xil asossiz muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
"O‘zbekiston Respublikasida Haj va Umra mavsumlarini namunali tashkil etish ishlari "Haj" va "Umra" tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi qarorlari asosida amalga oshirildi. Haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra ishlari vaziri bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuvdan so‘ng boshlanadi. Ushbu uchrashuvda haj mavsumini namunali, tartibli va eng yuqori darajada o‘tkazish masalalari muhokama qilinadi", deyiladi qo‘mita izohida.
Ma’lum qilinishicha, yanvar oyida "Haj" va "Umra" tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida ziyoratchilar tomonidan to‘lanadigan mablag‘ muhokama qilinadi va narxi belgilanadi.
Shuningdek, 2018-yilgi Haj mavsumi ziyoratchilarini saralashda uning moddiy va jismoniy jihatdan "Haj" safariga tayyorligi, avval Hajga bormaganligi, islom dini va Haj ibodati haqidagi tushunchalari hisobga olinadi.
Ziyoratchining ma’naviyati, ma’rifati va odob-axloqi, mahalladagi obro‘-e’tibori, oilasidagi muhitning sog‘lomligi va farzandlarining ijobiy tavsiflanishi, mahalladagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilashga qo‘shayotgan hissasi, yo‘ldan adashganlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, ularning ijtimoiy moslashuviga yordam berishiga alohida e’tibor qaratiladi.
Qo‘mita fuqarolarga mazkur masalalarda mutasaddi vazirlik va idoralar bergan ma’lumotlarga e’tibor qaratishlarini, har qanday noxolis ma’lumotlarga ishonib ketavermasliklarini tavsiya etmoqda.