TOShKENT, 7 apr — Sputnik. Bugun O‘zbekiston Superligasida ishtirok etuvchi "So‘g‘diyona" klubi bosh murabbiyi Aleksandr Mochinov iste’foga chiqarildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, klub rahbariyati o‘tkazgan navbatdan tashqari yig‘ilishda jamoaning qoniqarsiz natijalari muhokama qilindi.
Jamoa rahbariyati Aleksandr Mochinovni "So‘g‘diyona" boshqaruviga loyiq emas deb hisoblab, iste’foga chiqardi.
Bunga mavsum boshidan buyon jamoa bor yo‘g‘i 1 ochkoni qo‘lga kiritgani, raqib darvozasi atigi bir marotaba ishg‘ol qilingani sabab bo‘lgan.
"Murabbiyga beshinchi turga qadar berilgan ishonch o‘zini oqlamadi. "Metallurg"ga qarshi bahs Aleksandr Mochinov uchun so‘nggi imkoniyat edi. Bu uchrashuvda ham o‘zgarish sezilmadi", deyiladi xabarda.
Matbuot xizmatining bildirishicha, "So‘g‘diyona"PFKda moliyaviy tomondan hech qanday muammo yo‘q. Murabbiylar shtabi va barcha futbolchilarning oylik ish haqlari o‘z vaqtida berib borilmoqda.
"Jamoani mavsumga tayyorlash uchun Aleksandr Mochinovga barcha imkoniyat yaratib berilgan edi. Biroq u, bu imkoniyatlardan foydalana bilmadi", deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Jamoa ertadan "Navbahor"ga qarshi tayyorgarlikni boshlashi, tez orada bosh murabbiy nomi e’lon qilinishi ma’lum qilingan.