TOShKENT, 6 apr — Sputnik. Maktabgacha ta’lim vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan "Bog‘chada tushlik kechikdi — bolalar och uxlab qoldi" mavzuyidagi videomaterialda ko‘rsatilgan holatni aniqlash uchun tezkor ishchi guruhi tashkil etib, surishtiruv o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, Andijon viloyati Xo‘jabod tumanidagi 1-maktabgacha ta’lim muassasasining yozgi oshxonasida 2-aprel kuni go‘sht mahsuloti belgilangan vaqtidan kech olib kelinganligi sababli bog‘cha tarbiyalanuvchilari uchun tushlik o‘z vaqtida tayyorlanmagan va tarqatilmagan.
"Shu bois o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragani va bog‘cha yozgi oshxonasida antisanitariya holatlarini keltirib chiqargani uchun 1-MTM omborchisi Alisher Ahmedov, bosh oshpaz Ulug‘bek Jalilov hamda oshpaz Abdujalil Sultonovlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi", — deyiladi xabarda.
Shuningdek, o‘z ishida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun muassasa mudirasi S.Abdullayeva egallab turgan lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi.
Maktabgacha ta’lim vazirligi har bir noqonuniy xatti-harakat yuzasidan o‘z munosabatini bildirib, mas’uliyatsiz xodimlarga keskin chora ko‘rilishi haqida ogohlantirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax shahridagi bog‘chalardan birida tarbiyachi bolalarga qo‘l ko‘targani bois maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatuvchi bir necha nafar shaxs ishdan bo‘shatilgandi.