TOShKENT, 4 apr – Sputnik. Toshkent shahar hokimligi o‘qituvchilarga eskirgan piyoz majburiy sotilgani haqida tarqatilgan xabarlarni rad etdi.
Biroz oldin ayrim xorijiy nashrlarda xokimlik zahiralarida saqlangan va ko‘kara boshlagan piyoz 2018-yil 30-martdan boshlab maktab o‘qituvchilariga majburan sotilayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.
Hokimiyat yuqoridagi xabarlarni to‘liq rad etib, piyoz iste’molga yaroqli bo‘lganini ta’kidlamoqda.
“Vaziyatni o‘rgangan Toshkent shahar hokimligi mutasaddi vakillari piyozni talab darajasida iste’molga yaroqli ekanini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar”, — deyilgan Hokimlik xabarida.
Zahirada saqlanayotgan piyoz sotuvga chiqarilishi haqida hokimlik saytida, quyidagi ma’lumotlar keltirilgan:
“Bahor fasli erta kelganligi, havo xarorati keskin isib ketishi oqibatida tegishli mutasaddi idoralarning zaxiraga g‘amlangan piyozning sifati o‘zgarishi mumkinligi haqidagi xulosalarini inobatga olib, shuningdek ortiqcha isrofgarchilikning oldini olish maqsadida,
Qo‘shma qarorga binoan Toshkent shahri aholisini va ijtimoiy soha, kammunal va xizmat ko‘rsatuvchi, harbiy muassasalarga zaxira saqlovida mavjud bo‘lgan piyoz maxsulotining bepul yetkazib berilishini tashkil etish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etildi.
Xususan, bepul piyozning o‘z vaqtida, to‘liq va manzilli yetkazib berilishida muassasa va mahallalar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi belgilandi. Davlat sanitariya-epidemologiya nazorati markazi, Toshkent shahar veterinariya boshqarmasi, Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan bepul tarqatilayotgan piyoz maxsulotining sifati buzilmagan holda yetkazilishi nazoratga olingan.
Joriy yilning 4-apreliga qadar tuman xalq ta’limi boshqarmalarida ixtiyoriy savdo yarmarkalari tashkil qilinib piyozning narxi 800 sumdan sotilgan.”