TOShKENT, 3 apr — Sputnik. 2018-yil 30-mart kuni Adliya vazirligida "Baker & McKenzie" (AQSh) yuridik firmasining katta partneri Tomas Fayerston bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati.
Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad huquqiy sohada qo‘shma tadbirlarni tashkil etish va O‘zbekistonning Butunjahon savdo tashkilotiga (BST) qo‘shilishi borasida o‘zaro hamkorlikni amalga oshirish masalalarini muhokama qilish edi.
Xususan, muhokamalar davomida quyidagilarga e’tibor qaratildi:
— "Baker & McKenzie" yuridik firmasi bilan birgalikda xuquqshunoslar, auditorlar, davlat organlari va xususiy sektorning turli sohalaridagi vakillari ishtirokida "komplayens" masalalari bo‘yicha trening o‘tkazish. Ma’lumot uchun: "komplayens" tashkilotda mavjud nazorat tizimining bir qismi bo‘lib, qonun hujjatlari, nazorat organlari, sanoat birlashmalari talablari, axloq kodekslari va boshqa shunga o‘xshash qoidalarni bajarmaslik xavf-xatarlari bilan bog‘liqdir.
— vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikda O‘zbekistonning BSTga azo bo‘lishining huquqiy jihatlarini muhokama qilish;
— "Baker & McKenzie" bilan hamkorlikda yuridik kadrlar uchun xalqaro arbitraj masalalari bo‘yicha kurslar va amaliyot o‘tashni tashkil etish;
— O‘zbekistonda tijorat va investitsiya nizolarini hal etish bo‘yicha xalqaro arbitraj institutining ochilishi salohiyatini o‘rganish hamda arbitraj qoidalarini ishlab chiqish;
— Toshkentda "Baker & McKenzie" ofisini ochish.